2024-yil 18-yanvar kuni TDIU-Pendidikan xalqaro qoʻshma taʼlim dasturi boʻlimi xodimlari Toshkent shahar Yashnobod tumani xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimi tasarrufidagi 30-Mehribonlik uyiga tashrif buyurib, tarbiyalanuvchilarga oʻz sovgʻa-salomlarini yetkazdilar.

Shu bilan birga, boʻlim aʼzolari va talabalar Mehribonlik uyining 30 ga yaqin tarbiyalanuvchisi, oʻqituvchi va tarbiyachilari, rahbariyati ishtirokida davra suhbati oʻtkazdilar. Tarbiyalanuvchilarning kelajak rejalari va orzulari toʻgʻrisida ham suhbat qurildi. Ushbu taʼlim-tarbiya maskaniga tashrif buyurgan boʻlim xodimlari, universitetning talabalari ham Mehribonlik uyida tarbiyalanuvchilarga yaratilgan sharoit bilan tanishdilar. Tadbir davomida bolalar oʻzlarini qiziqtirgan bir qancha savollarga javob topdilar. Erkin muloqot soʻngida olingan fotosuratda barcha qatnashchilarning mamnun va xush kayfiyatda ekani koʻrinib turibdi va bu holat albatta kishini quvontirmay qolmaydi. Oʻylaymizki, bu kabi tarbiyalanuvchilarning begʻubor bolalik chogʻlarini sermazmun oʻtkazishlari uchun biz ulardan gʻamxoʻrligimizni, eʼtiborimizni, vaqt va mehnatimizni ayamasligimiz kerak. Umid qilamizki, bunday tadbirlar bardavom boʻladi.