2026-yil 13-noyabr kuni TDIU Bosh ma’muriy binosining 3-qavatidagi «Bukhara room»da “Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi tomonidan Toshkent shahar Chilonzor tumani Dilobod mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikda «Dual ta’limda nazariya va amaliyot uyg‘unligi hamda iqtisodchi mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Dilobod MFY raisi Abdunazarov Mahmudjon, mahalla nuroniysi Mavliyanov Zayniddin, mahalla yoshlar yetakchisi Nishonov Muhammad, TDIU–Pendidikan xalqaro qo‘shma ta’lim dasturi fakulteti Iqtisodiyot mutaxassisligining 1-kurs magistrantlari hamda kafedra professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Davra suhbatining maqsadi dual ta’limning mazmunini tushuntirish, nazariy bilimlarni amaliy vazifalar bilan bog‘lash hamda mahalla bilan hamkorlikda iqtisodiy masalalarni o‘rganish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Davra suhbatini kafedra dotsenti A.To‘laboyev ochib, dual ta’lim nazariy bilimlarni oliy ta’lim muassasasida egallash bilan ularni real amaliy muhitda qo‘llashni uyg‘unlashtiruvchi yondashuv ekanini, bo‘lajak mutaxassis o‘qish jarayonidayoq amaliy vazifalarga jalb etilishi uning kasbiy ko‘nikmalarini erta shakllantirishini ta’kidladi.
Kafedra dotsenti G.Karlibayeva iqtisodchining kasbiy tayyorgarligi faqat nazariya bilan cheklanmasligi, balki ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish, muammolarni aniqlash va asoslangan takliflar ishlab chiqish ko‘nikmalarini ham talab etishi haqida so‘zladi. Kafedra dotsenti Z.Umarova esa mahalla aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bevosita kechadigan muhit sifatida magistrantlar uchun amaliy izlanish manbai bo‘lishi mumkinligini qayd etib, kafedra, magistrantlar va Dilobod MFY o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlariga to‘xtaldi.
Mahalla vakillari ham o‘z fikrlarini bildirdi. MFY raisi Abdunazarov Mahmudjon mahalla hududidagi tadbirkorlik va aholi bandligi masalalari magistrantlarning amaliy izlanishlari uchun real manba bo‘lishini, bunday hamkorlik mahallaga ham, yoshlarga ham foydali ekanini ta’kidladi. Mahalla nuroniysi Mavliyanov Zayniddin bilim va hayotiy tajriba uyg‘unligi har qanday kasbda muvaffaqiyat kaliti ekanini aytib, magistrantlarga ezgu tilaklarini bildirdi. Yoshlar yetakchisi Nishonov Muhammad magistrantlarni mahalla yoshlari bilan bog‘liq iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni o‘rganishga jalb qilish imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.
Magistrantlar Kulmuratov Aydos va Turdiqulov Quvonchbek dual ta’lim talabalarga o‘qish davomida amaliy tajriba to‘plash, ish beruvchilar talablarini yaqindan bilish va magistrlik tadqiqotlarini real muammolarga yo‘naltirish imkonini berishini, kelgusida u mahalla, tashkilot va korxonalar bilan hamkorlikdagi amaliy loyihalar shaklida rivojlanishi mumkinligini qayd etdilar.
Davra suhbati samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Bildirilgan fikrlar dual ta’limning nazariya va amaliyotni bog‘lash, iqtisodchi mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini oshirish hamda universitet va mahalla hamkorligini rivojlantirishdagi ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatdi.










