Joriy yilning 21-may kuni “Adiblar xiyoboni”da Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan hisobot konsert dasturi tashkil etildi.
Unda universitet rahbariyati, elimiz ardog‘idagi yozuvchi va adiblar, taniqli san’atkorlar, talaba-yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida universitet rahbariyati va talaba-yoshlar ishtirokida Muqimiy hamda Abdulla Qahhor haykallari poyiga gulchambarlar qo‘yilib, atoqli adiblar xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi. Muqimiy va Abdulla Qahhor haykallari atrofida kitoblar va ART ko‘rgazma tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, professor Ortiqali Qozoqov tomonidan talaba-yoshlarning ijodiy mahoratlarini yana-da yuksaltirishga qaratilgan amaliy mahorat darsi tashkil qilindi.
Shundan so‘ng hisobot konsertining asosiy qismiga o‘tildi. Tadbirni universitet rektori T.Teshabaev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Taklif etilgan mehmonlar Prezident Adminisratsiyasi Sho‘ba mudiri Abduxalil Mavrulov, O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi rais o‘rinbosari G‘ayrat Majidlar Muqimiy va Abdulla Qahhor ijodi va faoliyatiga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, ularning ijodlaridan namunalar keltirdi. Ayniqsa yurtimizda adabiyotga, san’atga, ijod ahliga bo‘layotgan yuksak ehtirom va e’tibor samarasi o‘laroq, bugun yoshlarimizning ham ulug‘ shoir va adiblarimiz ijodiga bo‘lgan qiziqishi yana-da ortib borayotganligi haqida alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Ekranda taqdim etilgan ijodkorlar hayotidan so‘zlovchi videolar tadbir ishtirokchilar qalbidan chuqur joy oldi. Shuningdek, talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan Muqimiy ijodidan g‘azalxonlik, Abdulla Qahhorning “Anor” asari asosida teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi va musiqiy chiqishlar barchaga birday manzur bo‘ldi.
O‘zbekiston Qahramoni Munojot Yo‘lchieva ijrosidagi milliy kuy-qo‘shiqlar konsert dasturi fayziga yana-da yuqori ruh bag‘ishladi.
Bir so‘z bilan aytganda “Adiblar xiyoboni”da o‘tkazilgan hisobot konsert dasturi yoshlarning chinakam adabiyot bayramiga aylandi. Tadbir ishtirokchilari konsert dasturini yuqori kayfiyat va saviyada tashkil etilganligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.