Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi ish rejasiga muvofiq Talabalar kuniga bag‘ishlangan “Zakovat” intellektual musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir talaba-yoshlarning bilim saviyasini oshirish, tezkor va mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, jamoada ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda fakultetda intellektual muhitni yanada faollashtirish maqsadida tashkil etildi. Tadbir tashkilotchilari – K.Yusupov va J.Bahodirov.
Musobaqada fakultet talabalaridan tuzilgan uchta jamoa ishtirok etdi. O‘yin sakkiz raunddan iborat bo‘lib, har bir raundda yettitadan savol berildi. Savollar interaktiv panel orqali namoyish etildi. Jamoalar har bir raund yakunida javoblarini maxsus javob varaqalariga yozib, hakamlar hay’atiga topshirdi, hakamlar esa natijalarni raundlar bo‘yicha jamlab bordi.
Tadbir davomida jamoalar o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaralar, erkin fikr almashuvlar va interaktiv muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Har bir raunddan so‘ng to‘g‘ri javoblar e’lon qilinib, ularning mazmuni yuzasidan qisqacha izohlar berildi. Bu esa ishtirokchilarning bilimlarini yanada boyitish va yangi ma’lumotlarga ega bo‘lishiga xizmat qildi. Qiziqarli savollar va jamoalar o‘rtasidagi sog‘lom raqobat tadbirni yanada mazmunli va maroqli o‘tishini ta’minladi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar kafedra nomidan I, II va III o‘rin sertifikatlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bunday intellektual o‘yinlarni muntazam ravishda tashkil etish talabalarning ilmiy salohiyati va intellektual rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi alohida ta’kidlandi. “Zakovat” intellektual musobaqasi ishtirokchilarga nafaqat o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazish, balki yangi bilimlarni egallash, fikr almashish va jamoaviy hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatini yaratdi.





