Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipov butun dunyoda “Sahrodagi Luvr” nomi bilan mashhur I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog’iston san’at muzeyi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Muzey direktori Tigran Mkrtichev bilan imzolangan memorandumga ko‘ra, madaniyat, turizm va taʼlim sohasida bir qator qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi.
Muzey bilan hamkorlikda ko’rgazmalar tashkil etiladi, qolaversa, universitet talabalarining muzeyda amaliyotlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, o’zaro manfaatli maqolalarni nashr etish, monografiya yozish va chop etishga kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida, Savitskiy nomidagi Qoraqalpog’iston san’at muzeyi Qoraqalpog‘istonning eng jozibali maskani hisoblanadi. U Xorazm arxeologik-etnografik ekspeditsiyasining tarkibida Qoraqalpog‘istonga ilk bor kelgan, uning asoschisi va birinchi direktori – I.V. Savitskiy nomi bilan atalgan.
Xalq-amaliy san’ati buyumlarini to‘plagan Savitskiy butun umri davomida Qoraqalpog‘istonning boy tarixiga bog‘lanib qoldi. Uning tashabbusi bilan 1966-yilda San’at muzeyi tashkil etilib, ushbu muzey uchun uning o‘zi umrining ohirigacha yangi durdona asarlarni izlagan va topgan. Savistskiy vafotidan so‘ng — 2002-yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
Muzey Nukus shahrining markazida joylashgan. Uning kolleksiyasida yuz mingga yaqin eksponat mavjud. Ko‘rgazmalar uchta asosiy bo‘limlar: tasviriy san’at, Qoraqalpog‘iston xalq-amaliy san’ati va Qadimgi Xorazm san’atidan iborat.