TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI- PENDIDIKAN XALQARO QO‘SHMA TA’LIM DASTURI BO‘LIMI TALABALARI “O‘ZBEKISTON TARIXI” MUZEYIGA TASHRIFI

Muzeylar ma’naviy yetuk, komil insonni tarbiyalashda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Ularda saqlanayotgan tarixiy ashyolar, nodir qo‘lyozmalar, hujjatlar avlodlarga tarixdan, ajdodlarimiz hayoti, yuksak ma’naviyatidan hikoya qiladi. Bu esa yoshlar qalbida ota-bobolarimiz qoldirgan merosga hurmat va muhabbat uyg‘otish bilan birga, ularda shu aziz Vatanga munosib farzand bo‘lish tuyg‘usini ham shakllantiradi.
2022 yil 28 oktyabr’ kuni bo‘limimiz 50 nafar talabalar, t’yutor S.Shukurullaeva va kafedrasi katta o‘qituvchisi D.Xodjaeva O‘zbekiston tarixi muzeyiga tashrif buyurdi.
1991 yil 31 avgustda o‘zbek xalqi uzoq vaqtlardan beri orziqib kutgan Mustaqillikka erishdi. Hayotimizning barcha sohalari kabi muzeylar faoliyatida ham katta tarixiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Vazirlar Maxkamasining 1992 yil 21 aprel qaroriga muvofiq O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyi qayta tashkil etildi. Mohiyat – e’tibori bilan qaralganda, tom ma’nodagi zamonaviy va milliy muzeyga aynan shu sanada asos solingan edi. Prezident Islom Karimovning «Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida» gi Farmoni (1998 yil 12 yanvar’) esa muzeylarimiz rivojidan katta burilish yasadi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyi eng yirik ilmiy – ma’rifiy markazlardan hisoblanib, uning jamg‘armasida 250 minga yaqin eksponat mavjud. Ular orasida numizmatika, arxeologiya, tangashunoslik va etnografiyaga oid ko‘plab qimmatli jamlamalar bor.
O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyining yangi ekspozisiyasi O‘zbekiston hududida tarixiy-madaniy jarayonlarning eng qadimgi davrlardan boshlab hozirga qadar bo‘lgan taraqqiyotini ashyoviy dalillar va tasviriy vositalar orqali namoyish etishga qaratilgandir. Umumiy sathi qariyb ikki ming kvadrat metr bo‘lgan binoning uchinchi va to‘rtinchi qavatini egallagan mazkur ekspozisiyada o‘n mingga yaqin eksponat joylashgan. Ularda o‘zbek davlatchiligining shakllanishi tarixi, o‘zbek xalqining boy an’analari va madaniyati ifoda etilgan.