TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI – PENDIDIKAN XALQARO QO’SHMA TA’LIM DASTURI BO’LIMI XOTIN-QIZLAR MASALALARI BO’YICHA MASLAHAT KENGASHI TOMONIDAN “UCH AVLOD UCHRASHUVI” MAVZUSIDAGI DAVRA SUHBATI

2024-yil 4-oktabr kuni TDIU-Pendidekan qo`shma ta`lim darsturi bo’limi professor-o`qituvchilari va birinchi bosqich talabalari ishtirokida  “Inson qadri ulug‘, xotira — muqaddas” shiori ostida uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. TDIU uzoq yillar davomida mehnat qilgan fidoyi kasb egasi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Yuldasheva Halima Isroilovna ishtirokida davra suhbati bo’lib o’tdi. Tarix, bugun va kelajakni o‘zida mujassam etgan bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar el-yurtimiz hayotida go‘zal an’anaga aylanib borayotgani haqiqat.

Keksa avlod vakillarini qadrlash, hurmatlash, ularga ehtirom ko‘rsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan azaliy qadriyatlarimizdan biridir. Darhaqiqat, yoshi ulug‘ otaxon-u mo‘tabar onaxonlarimizni e’zozlash va ularni qadrlash, ularning hurmatini o‘rniga qo‘yish bizning uzoq asrlik urf-odatlarimiz, milliy an’analarimiz hamda yashash tarzimizning ajralmas bir bo‘lagiga aylangan desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu birinchi navbatda keksa avlod vakillariga bo‘lgan g‘amxo‘rlik va e’tiborni kuchaytirish bo‘lsa, ikkinchidan yosh avlod uchun ulkan tarbiya va tajriba maktabi bo‘ladi.

Tadbirni TDIU-Pendidikan qo`shma ta`lim bo`limi “Iqtisodiyot va menejment kafedrasi mudiri G.Bekimbetova kirish so‘zi bilan ochib berdi, “Uch avlod uchrashuvi” kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar el-yurtimiz hayotida go‘zal an’anaga aylanganligi, bunday tadbirlar yoshlarga  shijoat bag‘ishlaydigan diydorlashuv tadbiri  ekanligi, uch avlod vakillari birlashsa, xayrli ishlarga qo‘l ursa, rivojlanish bo‘lishi, vatan ravnaq topishi haqida so‘z yuritdilar. Mamlakatimizda inson omiliga yuksak e’tibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyatimizning har bir a’zosiga g‘amxo‘rlik, mehr-oqibat ko‘rsatilayotgani, inson qadr-qimmati, uning orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratib berish ustuvor vazifaga aylangani ta’kidlandi.

So`z navbati filologiya fanlari nomzodi, dotsent Yo`ldasheva Halima Isroilovnaga berildi. Halima Yo`ldasheva so‘zga chiqib, hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nihoyat, nuroniylik paytida ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘z dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini izhor etdi. Shu bilan birga Yangi O‘zbekistonning porloq kelajagi uchun  har bir kamol topayotgan yoshlarimiz tinimsiz va sodiq xizmatda bo‘lishlarini alohida ta’kidlab o‘tdi. O‘zbekiston ko‘zlagan ulkan marralarni keksalarimizning o‘gitlari, o‘rta avlod vakillarining fidokorligi, matonati va albatta yoshlarning shijoatisiz zabt etib bo‘lmasligi e’tirof qilindi.

Bunday xalqimizga xos mehr-oqibat, katta avlodni e’zozlash, ularning hayot yo‘lini o‘rganish orqali yosh avlodga ibrat maktabini tarannum etuvchi tadbirlar ko‘lamini oshirish bugungi kun uchun hayotiy zaruratdir. Qolaversa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda bu kabi uchrashuvlar beqiyos ahamiyatga ega.

Shundan so‘ng talabalar o‘zlarini qishiqtirgan savollarini berishdi. Tadbir savol-javoblarga boy bo‘ldi. Tadbir barcha ishtirokchilar uchun foydali bo‘ldi.

Tadbir so`ngida TDIU-Pendidikan qo`shma ta`lim dasturi bo’limi tomonidan mehmon professor-o`qituvchiga  esdalik sovg`alari topshirildi.