2025-yil 27-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xotin-qizlar maslahat kengashi tomonidan O’zbekiston xalq shoirasi, taniqli jamoat va davlat arbobi Zulfiyaxonim tavalludining 110 yilligiga bag’ishlab “Zulfiyaxonim – muhabbat va sadoqat timsoli” deb nomlangan ma’naviy va ma’rifiy tadbir o’tkazildi.
Mazkur tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, iqtidorli talabalar hamda turli fakultetlarning xotin-qizlar maslahat kengashlari vakillari ishtirok etdilar. Tadbir davomida Zulfiyaxonim ijodining yoshlar tarbiyasiga ta’siri, uning she’riyatdagi o‘rni va adabiy merosi haqida ma’ruzalar o‘qildi. Shuningdek, Zulfiyaxonim hayoti va ijodiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Tadbir doirasida barcha fakultetlardan Zulfiyaxonim izdoshlari bo‘lgan talaba qizlar o‘zaro bellashishdi. Ular she’r o‘qish, insho yozish, badiiy chiqishlar kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyon etdilar. Eng faol va ijodkor ishtirokchilar maxsus nominatsiyalar bilan taqdirlandilar.
Tadbirda TDIU-Pendidikan xalqaro qo’shma ta’lim dasturi fakulteti xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi F.T.Xoldarova hay’at a’zosi sifatida ishtirok etgan holda, talaba qizlarning chiqishlarini baholab, g‘oliblarni taqdirlash marosimida ishtirok etdi. Tadbir yakunida TDIU-Pendidikan xalqaro qo’shma ta’lim dasturi fakulteti talabasi Toshpo‘latova Iroda “Eng latofatli qiz” nominatsiyasi bilan taqdirlandi. Bu e’tirof uning bilimdonligi, iste’dodi va go‘zallik timsoli sifatida e’tirof etilganini namoyon etdi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir Zulfiyaxonim ijodiy merosini targ‘ib qilish, yoshlarning badiiy va ma’naviy saviyasini oshirish hamda ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi. Ushbu tadbir talabalarning vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada kuchaytirib, ularni milliy qadriyatlarga hurmat bilan yondashishga undaydi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi va yakuniy qismda barcha qatnashchilar uchun musiqiy dastur tashkil etildi. Shuningdek, universitet xotin-qizlar maslahat kengashi tomonidan iqtidorli va faol talabalarga tavsiyanomalar taqdim etildi.