2025-yil 8-mart kuni TDIU-Pendidikan xalqaro qo`shma ta`lim bo`limi talabalari uchun “Xalqaro xotin-qizlar kuni” mavzusida bayram tadbiri tashkillashtirildi. Tadbirda TDIU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori prof.Abduraxmanova Gulnora Kalandarovna hamda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektori dotsent Karimova Kamila Daniyarovnalar ishtirok etdilar.
Tadbirni “Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi mudiri Bekimbetova Gulnora Maratovna ochib berdi. “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni nafaqat bir kunlik bayram, balki butun insoniyat tarixida ayollarning jamiyat taraqqiyotidagi ulug‘vor o‘rnini, fidokorona mehnatini va cheksiz mehr-muhabbatini yuksak qadrlash kunidir. Bu kun tabiat uyg‘onib, bahor nafasi atrofga taralgan, quyosh iliqligi yer yuziga tarovat baxsh etayotgan fursatda kelishi bejiz emas. Chunki ayol zoti ham hayotga nafosat, chiroy, latofat va beqiyos go‘zallik olib kiruvchi mo’jizadir.
So`z navbati tadbir mehmoni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor i.f.d. prof.Abduraxmanova Gulnora Kalandarovnaga berildi. “Hurmatli va aziz ayollar, qadrli opa-singillar, mehribon onajonlar!
Bugun yuraklarimiz quvonchga to‘lib, bahorning eng chiroyli, eng mo‘’tabar bayramlaridan biri – 8-mart, Xalqaro xotin-qizlar kuni ni nishonlamoqdamiz. Shu fursatdan foydalanib, sizlarni ushbu go‘zal bayram bilan chin yurakdan muborakbod etaman!Sizlar – hayotning chirog‘i, oilaning tayanchi, jamiyatning bezagisiz. Onalik mehri, opa-singil mehribonligi, qiz farishtalarning beg‘ubor tabassumi hayotimizga fayz va baxt olib kiradi. Ayollar oilani uyg‘unlashtiruvchi, jamiyatni tarbiyalovchi, millatni yuksaltiruvchi ulug‘ zotlardir. Bugun ayollarning har bir sohadagi hissasi beqiyosdir. Siz nafaqat oilaning asosi, farzand tarbiyasida eng muhim ustun, balki ilm-fan, madaniyat, san’at, sport va tadbirkorlikda ham buyuk yutuqlarga erishmoqdasiz. Sizning donoligingiz, fidoyiligingiz va cheksiz sabringiz jamiyatimiz taraqqiyotida alohida o‘rin tutadi. Muhtaram ayollar! Sizga mustahkam sog‘lik, baxt va tinchlik tilayman. Har doim atrofingiz ezgu tilaklar, mehr-muhabbat va e’tibor bilan o‘ralgan bo‘lsin! Orzu-istaklaringiz ro‘yobga chiqsin, har bir kuningiz quvonch va shodlikka to‘lsin! Sizga cheksiz hurmat va ehtirom ila, 8-mart bayramingiz muborak bo‘lsin!” deb aytib o`tdi.
Tadbir yakunida TDIU-Pendidikan xalqaro qo`shma ta`lim dasturi fakulteti tomonidan mehmonga estalik sovga`lar taqdim qilindi.