2026-yil 4-sentabr kuni universitetimizning “Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi tashabbusi bilan “Kasbiy kompetensiyalar: amaliyotdan auditoriyaga” mavzusidagi seminar tashkil etildi. Tadbirning maqsadi talabalar va professor-oʻqituvchilarni davlat boshqaruvi hamda amaliyot sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan bevosita muloqotga jalb etish, nazariy bilimlarni real iqtisodiy jarayonlar bilan bogʻlashdan iborat boʻldi.
Seminarning asosiy maʼruzasini Chilonzor tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Kamilov Mirzohid Mirvahidovich taqdim etdi. Maʼruzachi Toshkent shahri va Chilonzor tumanida amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar bilan batafsil tanishtirdi.
Investitsiya va eksport. Maʼruzada keltirilishicha, 2025-yilda Chilonzor tumaniga 700 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilgan boʻlib, 2026-yilda bu koʻrsatkichni 1 milliard dollarga yetkazish koʻzda tutilmoqda. Oʻtgan yil davomida tumanda umumiy qiymati 382 million dollarlik 58 ta loyiha ishga tushirilib, 4,2 ming yangi ish oʻrni yaratilgan. Tumanning eksport salohiyati 294 million dollarni tashkil etib, eksportyor korxonalar soni 185 taga yetgan.
Ijtimoiy soha va infratuzilma. Maʼruzachi “Obod mahalla” dasturi doirasida bajarilgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi: tumandagi 55 ta mahalla fuqarolar yigʻinida bolalar va workout maydonchalari, amfiteatr hamda manzarali favvoralar barpo etilgan. 2026-yilda 3 ta yangi maktabgacha taʼlim muassasasi va 3 ta umumtaʼlim maktabi qurilishi, shuningdek 4 ta poliklinika tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ekologiya va shaharsozlik. “Yashil makon” loyihasi doirasida tumanda 79 ming tup daraxt koʻchatlari ekilgani, Boʻzsuv va Boʻrijar kanallari boʻyida qirgʻoqboʻyi sayilgohlari barpo etilayotgani maʼlum qilindi. Yoʻl harakatini tashkil etish yoʻnalishida esa 63 kilometr yoʻl infratuzilmasini yaxshilash va 90 ta aqlli svetofor obyektini qurish koʻzda tutilgan.
Seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining sunʼiy intellekt masalalari boʻyicha maslahatchisi Iminov Akbar ham ishtirok etib, oʻz yoʻnalishi boʻyicha maʼruza qildi.
Tadbir soʻngida ishtirokchilar maʼruzachilarga qiziqtirgan savollarini berdilar. Muhokamada tuman miqyosidagi iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlari, investitsiya muhiti hamda yosh mutaxassislar uchun mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi. Seminar yakunida maʼruzachilarga universitet tashakkurnomalari topshirildi.










