Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti-Pendidikan xalqaro qo‘shma ta’lim dasturi bo‘limi 2-bosqich IMN-91, IMN-92, IAC-91, IAC-92, 1-bosqich IAC-61, IAC-62, IMN-61, IMN-62 guruh talabalari bilan “Favqulotda holatda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan yong‘in hamda is gazidan zaxarlanishni oldini olish bo‘yicha ma’lumot berildi.

So‘zni Fuqaro va mehnat muhofazasi bo‘limi mutaxassisi Sh.Meliboev ochib, gazdan zaharlanish va birinchi yordam ko‘rsatish haqida ma’lumotlar berdi. Qishning yog‘ingarchilik va sovuq kunlari boshlanishi bilan harorat keskin pasayib boradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, biz yashab turgan xonadonlarimizni isitish uchun turli choralar ko‘ra boshlaymiz. Elektr isitish asboblari, tabiiy gaz tarmoqlari yoki isitishning boshqa turli yo‘llaridan foydalanamiz.
Tabiiy gazning to‘liq yonmasligi, bexosdan uzilib qolishi, xona ichida to‘planishi, tabiiy gazni yoqib qarovsiz qoldirish, quvurlarni ulashda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida chaqnash, yong‘in, hamda tabiiy va is gazidan zaharlanish holatlari kabi turli favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lmoqda. Bu hol insonlarning turli xil tan jarohatlari olishi yoki ayrim holatlarda o‘lim bilan yakunlanishi kuzatiladi. Ushbu holatlarning kelib chiqish sabablari va manbalari o‘rganilib, tahlil qilinganda, fuqarolarning tabiiy gazdan noto‘g‘ri foydalanishi, ularni nazoratsiz qoldirilishi, isitish qurilmalari, gaz quvurlari ulangan joydan gaz sizib chiqishi, insonlarning zaxarlanishi kuzatilmoqda. Bundan tashqari, qo‘lbola isitish moslamalari bilan isitiladigan xonalarda mo‘ri to‘lib qolishi va yong‘in vaqtida yopiq, tutunli xonalarda qolgan shaxslarda ham zaharlanish holatlari kuzatilmoqda.
Ma’lumot uchun: is gazi xonadonlarda, tashkilotlarda foydalaniladigan tabiiy gazning to‘liq yonmasligi, ko‘mir va organik moddalarning chala yonishidan hosil bo‘ladigan gazdir. U – rangsiz, hidsiz va ta’msiz gaz bo‘ladi. Is gazidan zaxarlanish darajasi gazning miqdoriga, kishilarni zaharlanish joyda qancha vaqt qolib ketganligiga va boshqa ko‘rsatkichlarga bog‘liq. Is gazining organizmga ta’siri natijasida qonda keskin o‘zgarish kuzatiladi, uning tarkibidagi gemoglobin bilan reaksiyaga kirishib karbonsigemoglobin moddasini hosil qilishi natijasida to‘qimalarga kislorodni yetib kelishi va qondagi zararli moddalarning ajralib chiqish jarayoni buziladi. Bu esa organizmda kislorod tanqisligini keltirib chiqaradi, salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi zararli moddalarning hususiyatlarini bilish bugungi kunda xavfsizlikni ta’minlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Zaharlanish uning havodagi ta’sir muddatiga bog‘liq bo‘ladi va ular yengil, o‘rta va og‘ir darajada bo‘ladi. Bunday hollarda bosh qattiq og‘rib, qusish, hushdan ketish kuzatiladi hamda nafas olish sekinlashadi. Ba’zan o‘lim holatiga olib keladi.
Birinchi yordam ko‘rsatish uchun, avvalo, zaharlangan kishini zudlik bilan toza havoga olib chiqish zarur. Jabrlangan insonning nafas olishida yoki nafas olishi to‘xtab qolganda unga sun’iy nafas oldirish lozim bo‘ladi.
Tabiiy gaz va is gazi bilan zaharlanish bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar quyidagi holatlarda sodir bo‘lishi mumkin:
– tabiiy gazning to‘liq yonmaganidan hosil bo‘ladigan is gazining salbiy ta’siri;
– isitish tizimiga tabiiy gazni ulashda me’yoriy talablarga rioya etmaslik;
– foydalanishda texnika havfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik;
– isitish uchun mo‘ljallangan pechkalar hamda mo‘rilarning soz holatda emasligi, yaxshi tozalanmaganligi va boshqalardir.
Xonada tabiiy gaz yig‘ilib qolganida zudlik bilan quyidagilarni amalga oshirish zarur:
– oyna va derazalarini ochib, shamollatish;
– elektr jihozlarini yoqmaslik, yoqiq bo‘lsa o‘chirmaslik;
– gaz jo‘mraklarini berkitish;
– berkitishning iloji bo‘lmasa yoki yorilgan, singan va teshilgan joylar aniqlansa, gaz ta’minoti avariya xizmatiga xabar berish kabilardir.
Gazdan zaharlanganda birinchi yordam qanday ko‘rsatilinishi va talabalarga har bir vaziyatda ogoh bo‘lishi kerakligi takidlab o‘tildi. Shuningdek «Muammoli vaziyatlar yuzaga kelganda zudlik bilan kerakli tashkilotlar, ya’ni 101, 102, 103, 104 telefon raqami orqali mutaxassislarini chaqirish, favqulodda vaziyatlar xavfini sezganda yuqorida aytib o‘tilgan va 1050 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilinishi Yong‘in xavfsizligi qoidalarga rioya etish kerakligi eslatib o‘tildi.